
Xalqaro Kurash Institutining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 28 yanvar kuni IKI xodimlari uchun navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Xalqaro Kurash Instituti rahbariyati va barcha bo‘limlar xodimlari qatnashdilar.
Ma’lumki, fevral oyining boshida poytaxtimizda “WADA” - Xalqaro anti-doping onlayn seminari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
IKI rektori Xabibullo Tadjiyev mazkur xalqaro seminarga tayyorgarlik ishlari haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, kurash sporti bo‘yicha bunday seminar mamlakatimizda ilk bor tashkil etilayotgan bo‘lib, unda dunyoning 130 dan ziyod kurash milliy federatsiyalari kurash murabbiylari va mutaxassislarining ishtiroki kutilmoqda.

Mazkur seminarni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida tashkiliy guruh a’zolariga vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, institut bo‘limlarining barcha xodimlari tomonidan bajarilgan ishlar hisoboti hamda kelgusi ish-rejalari yuzasidan bayonotlari tinglandi.

Jumladan, IKI Ilmiy bo‘limi rahbari Muhammad Rizo Nassiri Nejadning kurash bo‘yicha lug‘atlar to‘plamini ishlab chiqish taklifi yig‘ilish davomida bir ovozdan ma’qullandi.
- Kurash lug‘ati to‘plamini yaratish bugungi kunda barcha kurash murabbiylari, hakamlar, mutaxassislar, qolaversa polvonlar uchun o‘ta muhim va kerakli manbaa hisoblanadi, - dedi IKI prorektori Muzaffar Yusupov. - Shu bois, lug‘atni ishlab chiqishda institut o‘qituvchilari va boshqa kurash mutaxassislarining bilim va malakasinidan foydalanishimiz lozim.

Shu bilan birga institut oldida turgan boshqa dolzarb masalalar muhokama etildi.